MANZILIMIZ O'ZGARDI  

Posted by Behzod in , , , , , , , , , , , , , , ,

Yangi manzilga ko'chdik:

http://kundalik.wordpress.com

Yuqoridagi manzilga kira olmayotgan o'zbekistonliklar uchun:
http://kundalik.blogger.uz

XAYRLASHUV  

Posted by Behzod in , , , , , , , , , , ,

Virtual xonadonimizdan bir muddat chekinishga qaror berdik.
Xudo xohlasa, yana qaytamiz.

RAMAZON KUNDALIGIDAN  

Posted by Behzod in

15:59. Uydaman. Volodya akanikida. Biz shu yerda turamiz: Aminjon va men. O’n besh kundan oshdi. Ijaraga 7,5 ming so’mdan to’layapmiz. Sharoitlari yaxshi, lekin hozircha issiq suv yo’q.
Muborak Ramazonning 18-kunidamiz, fayzi bo’lakcha. Xudoga shukrki, hali taroveh namozlarini qoldirmadim. Chorsudagi Xo’ja Ahror Valiy masjidiga boryapmiz…
Bugun aytarli yangiliklar bo’lmadi. Odatdagidek, darslardan so’ng uyga qaytdim…
Aminjon kitob o’qiyapti. Murod Muhammad Do’stning “Lolazor” romanini. Yaxshi asar, menga yoqqan.
Og’iz ocharga bir soatu besh minut vaqt qolibdi. Ovqat qilish kerak, turdim…
18:25. Masjidga otlandim. Yomg’ir yog’yapti, sovuq. Aminjonning borgisi kelmadi. Tuflisiga suv kirib ketyapti ekan.
00:13. Masjiddan kelib “Islom huquqshunosligi” kitobini o’qib o’tiribman, zo’r kitob…
Kelishda Behzod (shoir) bilan tortishib keldik. U musiqa-qo’shiqdan voz kecholmayapti. Ular harom, deb fatvo chiqarilgan desam ham. Ustidagi yomg’irpo’shi (kurtka) ham cho’chqa terisidan ekan, Abdurahmon akam aytdi. Bungayam ishonmayapti, hayronman, namozxon bola…
00:53. “Islom huquqshunosligi”dan go’zal so’zlarni ko’chirib bo’lgach, uxlashga yotdim.
2003-yil, 12-noyabr, Chorshanba

NIMA UCHUN MUSULMONLAR MAZHABLARGA ERGASHADI?  

Posted by Behzod in , ,


©Nuh Ha Mim Keller 1995
Mazkur maqola 1994 va 1995-yillarda AQSH, Kanada va Angliyada berilgan suhbatlar asosida tayyorlangan. Bu marosimlarda tushgan savollar orasidan eng ko’p uchraydiganlariga quyidagi satrlarda javoblar beriladi.
 
Qur’on va hadisdan shar’iy hukmlar chiqaruvchi mujtahid imomlarning ishlari bir necha yillar davomida mening tadqiqot mavzuyim bo’lib keladi. Mazkur davr mobaynida mendan ba’zan shunday savol so’rashadi: “Qur’on va hadis turganda Shariat imomlarining bizga nima keragi bor? Nima uchun Islomimizni Alloh va Rasulining (SAV) ilohiy taqdirga ko’ra xatolardan pok bo’lgan so’zidan olmasdan, aksincha xatolardan xoli bo’lmagan Abu Hanifa, Molik, Shofeiy and Ahmad kabi mujtahid imomlarning Fiqh maktablari yoki mazhablariga ergashamiz?”
Bu mavzuning qanchalar muhim ekanligi yoki shu kunlarda masjidlarimizda biz ko’rayotgan va eshitayotgan ko’plab munozaralarning Fiqh ilmini va uning umumiy holda Islomga aloqasini bilmaslikdan yuzaga kelayotganligi hammangizga yaxshi ma’lum. Asoslarga qaytish va o’zimizdan Allohning buyruqlarini qanday tushunayotganimiz va amal qilayotganimiz haqida so’rash hozir ehtimol har doimgidan ham ko’ra ko’proq muhim ekanligini anglash vaqti yetib keldi.
Avvalo, hammamizga ma’lum bo’lgan Islom ilmlarini tahlil qilamiz, so’ng bunda Fiqhning o’rni qayerda ekanini ko’rsatamiz. Fiqh bilan shug’ullanuvchi mujtahid ulamolar uchun Qur’on va sunnatda kelgan talablarga qaraymiz. Dastlab, mujtahid ulamoning ilmi darajasiga e’tibor qaratamiz – qancha hadis bilishi kerak kabi – va keyin ulamolar qat’iy hukm chiqarish uchun turli xil va hatto qarama qarshi bo’lgan hadislarni bir-biriga qanday bog’lashlarini ko’rsatuvchi aniq dalil-misollar orqali uning ilmi qanchalar chuqur bo’lishi lozimligini ko’rib chiqamiz.
Hadis darajasini tekshirish ilmiga va uni qabul qilish hamda unga ergashish uchun hadisning sahihligini belgilaydigan shartlarga mujtahidning aloqasini tahlil qilish bilan suhbatimizga yakun yasaymiz.

ABITURIENT–2001  

Posted by Behzod in

Shu kuni Toshkentga ketdik: Xalqaro jurnalistika fakultetiga hujjatlarni topshirgani.
2001-yil, 5-iyul

Kech soat 22 larda Toshkentdan keldik. Ey Xudo, imkon ber, o’qishga kiraylik...
Ha, aytgandek, shu yili mening kitobim chiqdi: she’riy to’plam – “Ko’ngil sadolari”.
Bu juda katta voqea, esdan chiqqanini qarang... Eh...
2001-yil, 6-iyul

QANDAY QULLIK TUSHDI?  

Posted by Behzod in

Munavvar qori ABDURASHIDXONOV
(hikoya)

Ko’m-ko’k maysalar, yaxshi sabzalar bilan o’ralgan keng, go’zal bir qirning ustida bir ayg’ir ot yolg’iz o’zi o’tlab yurar edi. Yangi chiqqan yam-yashil, ko’m-ko’k o’tlarning eng yaxshisini tolalab-tolalab yer edi. Yeb, qorni to’ygandan so’ng u yoq-bu yoqqa o’ynoqlab, kishnab yurar edi. Hech kimni yoniga yo’latmas edi. Yollarini yiltillatib yurib, charchagandan keyin, dalaning har xil xush isli chechaklar ochgan tekis yerlariga borib ag’anar edi.
Bir zamon bu yerga bir ho’kiz kelib qoldi. Dalaning rohat-go’zalligini ko’rgach, shu yerda qolmoqchi bo’ldi. «Dala — keng, tekis, o’tlar qalin, suvlar tiniq, xuddi tog’larning tepasidagi yaylovlarga o’xshaydi, o’ti menga ham yetar, otga ham yetar», deb o’yladi. Ot buni ko’rib achchig’i keldi. Quvlab yubormoqchi bo’lib kelgan edi, ho’kiz suzib, yaqin keltirmadi. Shundan so’ng otga juda alam qilib, odamning yoniga kelib: «O‘rtoq, shu ho’kizni qirdan quvlab yuborishga ko’mak qilsang-chi», — dedi. «Tuzuk, sening bu iltimosingni qabul qilib, ho’kizni quvib yuboraman, ammo tez quvlash uchun sening orqangga egar, og’zingga yugan solib, ustingga otlanishim kerak bo’ladi. Shunga ko’nasanmi?» — dedi.
Ot bu shartga unadi. Odam egarlab va yuganlab, otni minib olib, qirga chiqdi.. Ho’kiz buni ko’rgandan keyin qirdan qochib ketdi. Ho’kizdan qutulgach, ot kishiga: «Qani, o’rtoq, ustimdan tush, egar-yuganingni ol, ho’kizni haydaganingga rahmat!» — dedi. Kishi otdan tushdi, lekin otning og’zidan yuganni olmadi. Buning ustiga oyoqlariga ham kishan soldi. Shu kundan boshlab bir yerga bormoqchi bo’lsa, darrov otning ustiga egar solib, minib boradigan bo’ldi. Ot esa odamga qul bo’lib qoldi.


1915-yil.

MUSHTLASHUV  

Posted by Behzod in

Bugun – dushanba. Dushanbani og’ir kun deyishadi. Darhaqiqat, bugun men shunga amin bo’ldim.*.. Hammasini boshidan aytib bera qolay...
Anchadan beri litsey o’quv korpusini 18-maktabga – “Qodiriy”ning orqasidagi bo’sh binoga ko’chirish ishlari ketyapti. Buning sababi – Maorifdan kelgan nizomga ko’ra, bir sinfda 30-35 o’quvchi bo’lishi kerak ekan. Lekin litseyning kichik xonalari 30 ta bolani sig’dira olmaydi. Shuning uchun ham “Qodiriy” maktabining bir qismini bizga berishdi. Hozirgacha foydalanilgan litsey binosi to’laligicha yotoqxona bo’larakan.
Hozir yangi binoda katta xonalarni ikkiga bo’lish va boshqa qurilish ishlari ketyapti. Biz darsdan so’ng har kuni bir soatdan ishlagani qurilish bo’layotgan joyga boramiz. Ishimiz qiyin emas. Qurilish joyiga g’isht tashib beramiz.
Bugun ham o’sha yerga bordik. Lekin bu safar ancha tabimiz tirriq bo’ldi. Avvalo, ketish chog’idayoq kayfiyatimizni buzadigan ish sodir bo’ldi.
Odatda, biz 4-soatdan keyin litsey oshxonasida tushlik qilamiz. Har kuni ikki nafar navbatchi kirib 34 o’quvchiga tushlik tayyorlashi kerak. Shu kuni gap bilan bo’libmi, navbatchilar bir oz kech kirishibdi. Domlamiz buni navbatchi endi tayinlanganiga yo’yib, jahli chiqib qoldi. Chunki bunday narsa ilgari ham bo’lgan edi. Sinf rahbarimiz bu gal ogohlantirishni ham ep ko’rmadi, shekilli, navbatchilarni qaytarib yubordi. Bu, bugun tushlik yo’q, degani edi. Anchagacha xunob bo’lib o’tirdik. 5-soatga kirish qo’ng’irog’i chalindi. “Demak, rostdan ham bugun tushlik yo’q ekan-da”, o’yladik hammamiz.
– Hammasiga Said bilan Oybek aybdor, – g’udrandi Hamza.
– Nima biz? – gap qaytardi Saidkamol, – O’zingcha nima deyapsan?
Hamza xo’mrayib qaradi-da, indamay darsga kirib ketdi. 5-soatdan chiqib tushlikka kirdik. Shu yerda ham yana gap eshitdik. Navbatchilar qizlarga olishmagan ekan. Litsey omborchisi Mirzaolim aka toza so’kdi. Farhod nimadir deb, “Qizlar o’zlariga olishaversin”, degan edi, Mirzaolim aka tutaqib ketdi:
– Nega o’zing kirib olding? Nega qizlarga olmading?..
Buning ustiga direktor o’rinbosari Zamira opa kirib qoldi. Ovqatimiz zahar bo’ldi. Ovqat qayerga ketganini ham bilmadik.
– Bularni bugun menga bering, rosa ishlatay, – dedi gapining so’ngida “Zolim” aka.
“Qodiriy”ga g’isht tashigani jo’nadik. Borishimizga tashiladigan gi’shtlarni belgilab qo’yishgan ekan.
– Ikkinchi qavatga olib chiqasanlar! – dedi Mirzaolim aka stulga o’tirgancha qo’lida xivchinni o’ynatarkan.
– Qani, boshladik, – birinchilardan bo’lib qichqirdi Mirzag’olib.
Anchagina g’isht tashidik. Boyagi gap ko’nglida qolgan, shekilli, Saidkamol Hamzaning oldiga keldi.
– Boya nima deding?
– Nima debman? – dedi Hamza bilib tursa ham.
– Orqadan gap qilmay yuzimga ayt.
– Yuzingga ham aytaman. Nega oshxonaga vaqtida kirmading?
Ikkovi g’ijillashib qolishdi. Hamza ham tutaqib ketdi:
– O’zi besh-oltitang shunaqasan. – dedi u Saidkamoldan uzoqlashar ekan. – Sen, Dilmurod, yana bir-ikkitang.
– Nima men? – dedi Dilmurod bukchaygancha o’rnidan turarkan.
Dilmurod ham juda qiziqqon. Darrov Hamzaning oldiga keldi. Ikkovi ham barvasta. Dilmurod bir-ikki so’kindi, shekilli, kutilmaganda Hamza qo’lidagi g’ishtni tashlab, Dilmurodni ura ketdi. Dilmurod ham qarab turmadi. Ikkovi rosa jiqqamusht bo’lishdi. Ajratib qo’ydik. Yaxshi, Mirzaolim aka tepaga chiqib ketgandi. U tushguncha hamma sipo bo’lib, yana g’isht tashiy boshladik.
Bir payt g’ishtni endi qo’limga olayotganimda, ikkinchi qavatdagi deraza oynasi “jarang” dedi-da, chil-chil sinib pastga tushdi. Pastda turgan Mirzaolim aka qo’li bilan ustini pana qilgancha qochib qoldi. Chunki aynan uning tepasidagi deraza oynasi singan edi.
Hammamiz pastga to’plandik. “Kim sindirdi ekan?!” Tepadagi bolalar birin-ketin tusha boshlashdi. Farhodning rangi oqargan, lekin bamaylixotir hushtak chalib kelyapti.
Farhod sindirgan ekan, u o’zicha “ishonchli” bahona topdi:
– Oynada ari bor ekan, chertib o’ldirgandim, sinib ketdi.
Bolalar kulib yubordi. Farhod gapini tuzatgan bo’ldi:
– Yo’q, arini o’ldirdim, keyin oynani ochmoqchi edim. Ruchkasiga osilsam…
U derazani ochmoqchi bo’lib oynani sindirgan ekan.
– Dushanba kuni (yanagisi) bir yarim ming so’m olib kelasan, – gapni qisqa qildi Mirzaolim aka.
– Gap yo’q…
Kechki payt ovqatlanayotganimizda ko’zim Hamzaga tushdi. U Dilmurod bilan ochiqchasiga kulishib gaplashib o’tirardi.
Demak, yarashib olishibdi-da…

1999-yil, 18-oktabr.
_________________________________
* Ushbu hikoya kundalik daftarimdan olingan. Matn tagidagi sana uning bundan o'n yil muqaddam yozilganini ko'rsatib turibdi. Dushanbaning og'ir kun ekanligi haqidagi fikrlarga bugun qo'shilmayman. Lekin matnni tahrir qilmasdan asl holida qoldirishni lozim deb topdim. Chunki u bolaligimdan yodgorlikdir. (Izoh Qo'shnining e'tirozidan so'ng kiritildi.)

DUNYO BO'YLAB RAMAZON SHUKUHI...  

Posted by Behzod in , ,

Davomi...